“NKMK» AJ faoliyatining 2023-yildagi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi

27-mart kuni «NKMK» AJning matbuot anjumanlarini o’tkazish zalida «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 2023-yildagi yakunlari bo’yicha ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar uchun matbuot anjumani o’tkazildi. Bu haqida NKMK matbuot xizmati xabar beradi.

270320241

Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati – geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, tayyor birja mahsulotlarini olishgacha bo’lgan ishlab chiqarish jarayonlari to’liq amalga oshiriladigan sanoat klasteri. Keyingi yillarda kombinat oltin ishlab chiqarish bo’yicha yetakchi xorijiy kompaniyalar orasida 7-o’rindan 4-o’ringa ko’tarildi. 2023-yilda oltin ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagiga nisbatan 25 foiz, kumush esa 47 foizga, shuningdek, ma’dan qazib olish hajmi 2,5 barobar, ma’danni qayta ishlash hajmi 1,6 barobarga oshdi.

2023-yilda 67,5 trln so’mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o’sish sur’ati 2022-yilga nisbatan 103,8 foizga teng bo’ldi. Mahsulot tannarxi 5,6 foizga kamaytirildi, davlat byudjetiga 38,6 trln so’m to’lovlar amalga oshirildi, 1 445 ta yangi ish o’rni yaratildi.

2023-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida korxona ulushi o’rtacha 6,3 foizni, respublika sanoat mahsuloti hajmidagi hissasi 10,3 foizni, davlat byudjeti daromadlaridagi ulushi 14,1 foizni tashkil etdi. Eng yirik soliq to’lovchilar ro’yxatida 1-o’rinda turadi.

Kombinatda 2023-yilga mo’ljallangan Investitsiya dasturi doirasida 12 ta loyiha bo’yicha 473,5 mln dollarlik kapital qo’yilmalar o’zlashtirildi. Xususan, eng yirik investitsion loyiha doirasida Nurota tumanidagi «Pistali» konida yiliga 4 mln tonna oltin ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega 6-gidrometallurgiya zavodi ishga tushirildi. Navoiy mashinasozlik zavodida Mexanik yig’uv sexining yangi binosi qurilib, zamonaviy, samaradorligi yuqori dastgohlar ishga tushirildi hamda Quymachilik sexida 25 tonnalik zamonaviy metall eritish pechi foydalanishga topshirildi. 2-gidrometallurgiya zavodida ishlab chiqarishning raqamlashtirilgan yagona boshqaruv markazi ishga tushirildi. «Turbay», «Balpantov» va «Tomdibuloq» konlarini gidrometallurgiya zavodlari bilan bog’lovchi 82,6 kilometrlik yangi temir yo’l liniyalari qurildi.

2023-yilda kombinatda Mahalliylashtirish dasturi bo’yicha jami 629,5 mlrd so’mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Sanoat kooperatsiyasi doirasida mahalliy korxonalardan 5,5 trln so’mlik mahsulot xarid qilindi.

Kombinatda transformatsiyaning maqsadlari va ustuvor yo’nalishlarini belgilaydigan «NKMK» AJning 2023-2025-yillarga mo’ljallangan transformatsiya dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur xomashyo bazasini rivojlantirish, asosiy ishlab chiqarish va yordamchi jarayonlarning operatsion samaradorligini oshirish, raqamlashtirishni keng joriy qilish, investitsion jarayonlarni rivojlantirish va loyihaviy qarorlarni maqbullashtirish, tashkiliy tadbirlarni rivojlantirish, ESG (E – ekologiya, S – ijtimoiy soha, G – boshqaruv) va sanoat xavfsizligini ta’minlash kabi yo’nalishlardan iborat.

2023-yilda London oltin quymalari bozori assotsiatsiyasi (LBMA – London Bullion Market Association) tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga bozor talablariga to’la rioya qilish borasida navbatdagi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o’tganligini tasdiqlovchi sertifikat taqdim etildi.

O’tgan yili korxonada NKMK tashkil topganligining 65 yilligi keng nishonlandi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarish ilg’orlaridan bir guruhini mukofotlash to’g’risida»gi Farmoniga muvofiq kombinatning bir guruh ishchi-xodimlariga yuksak davlat mukofotlari topshirildi.

Tadbirda OAV vakillari va jurnalistlarning savollariga atroflicha javoblar berildi.