O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi

“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi UzDaily.uz.

Muloqot chog‘ida investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirishga asosiy e’tibor qaratildi.

Uchrashuv avvalida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Rossiya tomoniga mamlakatimizda charm-poyabzal sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, sanoat salohiyati va xomashyo zaxiralari haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida charm-poyabzal va mo‘yna sanoati sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning bir qator tashkiliy-amaliy masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, eksport loyihalarini ilgari surish, sarmoya va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga ko‘maklashish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot yakuniga koʻra, Rossiyaning savdo vakillari bilan ham ushbu mamlakat kompaniyalarining Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan charm-poyabzal koʻrgazmalarida ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha kelishuvga erishildi.