O‘zbekiston va Ozarbayjon tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi

2023-yil 14-iyun kuni Boku shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi. Bu haqida TIV matbuot xizmati xabar beradi.

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Xalaf Xalafov bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda ikki tomon kun tartibidagi keng koʻlamli masalalar, jumladan, turli sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish, koʻp tomonlama shakldagi aloqalar, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining shaxsiy e’tibori va sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklikning mutlaqo yangi bosqichiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Oliy va yuqori darajadagi muntazam siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgani, parlamentlararo aloqalar mustahkamlanib borayotgani, hamkorlikning huquqiy asoslari kengayayotgani, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshayotgani, hududlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ta’kidlash joizki, tomonlar investitsiya, transport, logistika, avtomobilsozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va madaniyat sohalarida qo‘shma istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjonning mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida pozitsiyalari mushtarak, jahon siyosatining dolzarb masalalari bo‘yicha qarashlari o‘xshashdir.

Tomonlar so‘nggi yillarda erishilgan ijobiy natijalar ikki davlat xalqlari manfaatlari yo‘lida samarali hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun ishonchli asos bo‘lishi kerak, degan fikrda yakdil bo‘ldilar.

Muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish, amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.