Toshkent MDH davlatlarining Yoshlar poytaxtiga aylandi

Toshkentda shaharga “MDH yoshlar poytaxti” maqomi berilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Kazinform” xalqaro axborot agentligi muxbiri.

Tantanali marosimda O‘zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Toshkentning MDHning birinchi yoshlar poytaxti bo‘lishi to‘g‘risidagi qaror 2023-yil 8-iyun kuni Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining “MDH Yoshlar poytaxti” xalqaro loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishida qabul qilingan.

MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Hamdo‘stlik makonida yildan-yilga madaniy-gumanitar sohada davlatlararo hamkorlik takomillashib, yangi loyiha va dasturlar paydo bo‘layotganini ta’kidladi.

– Hamdo‘stlik davlatlarining yoshlar bilan ishlash sohasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish, yoshlar salohiyatini rivojlantirish masalalarida tajriba almashish va xalqaro yoshlar hamkorligini takomillashtirishga qaratilgan ana shunday loyihalardan biri “MDH yoshlar poytaxti” loyihasidir, – dedi Sergey Lebedev.

MDHga aʼzo davlatlar Yoshlar masalalari boʻyicha kengashi kotibiyati rahbari oʻrinbosari Tatyana Kovaleva poytaxt hokimligiga Toshkent shahriga yangi maqom berilgani haqidagi guvohnomani topshirdi.

2025-yilda Hamdo‘stlikning yangi yoshlar poytaxti Ozarbayjonning Gabala shahri bo‘ladi, 2026-yilda esa bu maqom Armanistonning Kapan shahriga o‘tadi.