Xitoyning Guansi provinsiyasi ishbilarmonlariga O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyati taqdim etildi

Mamlakatimizning XXRdagi Bosh konsulligi bilan hamkorlikda Xitoy xalqaro savdoga ko‘maklashish tashkiloti Bosh kotibi Chen Bing, tashkilot mutaxassislari, shuningdek, Janubiy Xitoyning Guansi provinsiyasidan 50 ga yaqin kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik imkoniyatlari hamda hamkorlik bo‘yicha takliflarga bag‘ishlangan iqtisodiy forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda shu yo‘nalishdagi sanoat (avtomobil, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika va boshqalar) logistika, turizm, savdo, ta’lim sohalaridagi korxonalar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Chen Bin o‘zining ochilish nutqida viloyat ishbilarmonlari O‘zbekiston bilan hamkorlikka katta qiziqish bildirayotgani, ushbu tadbirda ko‘plab kompaniyalar rahbarlarining shaxsan ishtirok etishini alohida ta’kidladi.

Bosh konsul ikki strategik hamkor davlat rahbarlari hududlararo hamkorlikka katta e’tibor qaratayotgani, yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari uchun o‘zaro manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.

Bosh konsulxona xodimi O‘zbekistonning sarmoyaviy, eksport va sayyohlik salohiyati, Xitoy kompaniyalari uchun taklif etilayotgan istiqbolli loyihalar, mamlakatimiz hududlarida yaratilgan qulay biznes imkoniyatlari haqida taqdimot qildi.

Ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirish uchun taklif etilgan 60 dan ortiq loyihalar haqida xitoy tilida ma’lumotlar berildi.

Ular mamlakatimizda keyingi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va qulay infratuzilma bilan tanishtirildi. Xususan, Samarqand shahrida yangi formatdagi madaniyat va sayyohlik inshooti – “Abadiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i tashkil etilgani, yig‘ilish ishtirokchilari o‘z oilalari bilan tashrif buyurishga taklif qilingani ta’kidlandi.

Tadbir davomida Xitoy kompaniyalari rahbarlari O‘zbekistondagi soliq tizimi, xorijiy kompaniyalar uchun boj va imtiyozlar, mavjud transport-logistika imkoniyatlari, infratuzilma, import, ruxsatnomalar olish kabi o‘zlarini qiziqtirgan bir qator savollarga atroflicha javob oldilar.