O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorlik ko‘lamini kengaytirmoqda

Joriy yilning 25-mart kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Chung Byon Von bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati. Suhbat o‘zaro munosabatlarning turli yo‘nalishlaridagi ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.

Savdo va sarmoyaviy hamkorlikda erishilgan ko’rsatkichlar alohida ta’kidlandi. Savdo aylanmasi 2017-yildagi 1,3 milliard dollardan 2023-yilda 2,3 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning dastlabki ikki oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga oshdi. Oxirgi besh yil ichida O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga oshib, 983 taga yetdi, ularning yarmidan ko‘pi, y’ani 605 tasi – 100 foiz xorijiy kapitalga asoslangan. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish boʻyicha ishlarni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Suhbat chog‘ida ikki davlatning alohida strategik sherikligi nuqtai nazaridan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va oliy darajadagi sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan, Koreya tomoni Koreya hukumatining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy va texnik yordamni oshirishga hamda O‘zbekistonda metallurgiya, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida yirik investitsiya loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash istiqbollari alohida tahlil qilindi. Hududlararo forumlarni ishlab chiqish va o‘tkazish mexanizmlari kelishib olindi, ular davomida biznes vakillari qo‘shma imkoniyatlarni muhokama qilishlari, bitim va shartnomalar tuzishlari mumkin bo‘ladi.

Suhbat yakunida oʻzaro savdo hajmini oshirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha qoʻshma yoʻl xaritasini ishlab chiqish, shuningdek, yirik Koreya kompaniyalarini mamlakatimizda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etish boʻyicha kelishuvga erishildi.