Oʼzbekiston-Turkiya: yangi mаqsаdlаrgа erishish yoʼlidа hаmkorlik

Аyni kunlarda Oʼzbekiston Respublikasi Hukumati vakillaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasida amaliy tashrif bilan boʼlib turibdi. Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi ham ishtirok etib, Turk kompaniyalari va investorlari bilan samarali muloqot va muzokaralar oʼtkazmoqda, deb xabar beradi Uyushma matbuot xizmati.

Tashrifning dastlabki kunida Turkiya Palatalar va birjalar ittifoqida “TOBB” Oʼzbekiston va Turkiyaning vazirlik idoralari va turk tadbirkorlari ishtirokida ishbilarmonlar uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Mazkur tadbirda mamlakatimiz sanoat tarmoqlari qatorida charm-poyabzal va moʼynachilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar, xorijiy investorlarga yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, berilayotgan preferentsiyalar, mamlakatimizning investitsiya jozibardorligi toʼgʼrisida toʼliq maʼlumot yetkazish maqsadida taqdimotlar oʼtkazildi. Shuningdek, tarmoqda faoliyat yuritib kelayotgan yirik tashkilot va kompaniyalar bilan B2B uchrashuvlar oʼtkazildi.

Tashrif doirasida “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Turkiya poyabzal sanoatida tadqiqotlar olib borish va taʼlim yoʼnalishini rivojlantirish jamgʼarmasi “TАSEV” raxbariyati bilan uchrashdi. Uchrashuvda charm-poyabzal va moʼynachilik sanoatining taʼlim yoʼnalishida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib borildi. Muloqotda mamlakatimiz charm sanoati uchun malakali dizayner, marketolog, texnolog, muhandis, modelchi tayyorlash va qayta tayyorlash masalasida fikr almashildi. Talablar almashinuvi dasturi asosida qoʼshma dasturlar ishlab chiqish, korxonalarda faoliyat koʼrsatayogan xodimlar uchun turk mutaxassislari ishtirokida oʼquv seminaralarini oʼtkazish boʼyicha muzokarlar oʼtkazildi. Muzokaralar yakuniga bilan, Hukumatlararo komissiya yigʼilishi doirasida “TАSEV” va “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi oʼrtasida oʼzaro “Аnglashuv memorandumi”ni imzolashga kelishib olindi. Bunda Oʼzbekistondan charm-poyabzal sohasi korxonalari murojaatlariga asosan talab yuqori boʼlgan mutaxassisliklarni “TASEV” akademiyasida oʼzbek mutaxassislarini malakasini oshirish, kasbga qayta tayyorlash maqsadida qisqa muddatli oʼquv kurslarini tashkil etish hamda keyinchalik Turk oʼqituvchilarini Oʼzbekistonga jalb qilgan holda mutaxassislarni oʼqitishni yoʼlga qoʼyish boʼyicha aniq va rejali ishlar yoʼlga qoʼyiladi.

Uyushma raisi Faxriddin Boboyev Davlat rahbari raisligida 18-dekabrda boʼlib oʼtgan kengaytirilgan yigʼilishda tarmoqlar oldiga qoʼyilgan vaziflar ijrosini oʼz vaqtida va samarali bajarish, mamlakatimiz charm-poyabzal va moʼynachilik bozorini rivojlantirish va tartibga solish hamda Turkiyada faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro brendlarni mamlakatimizga “autsorsing” va “franchayzing” asosida jalb etish maqsadida Turkiya davlatining yirik brend kompaniyasi “YDS GROUP” (maxsus poyabzallar ishlab chiqarish) kompaniyasi rahbari Vedat Yakup oʼgʼli bilan uchrashuv oʼtkazdi. Hamda kompaniya ish faoliyati bilan tanishdi.

Maʼlumot uchun: “YDS GROUP” harbiy va xavfsizlik sohalarida texnik poyabzallar, maxsus kiyimlar, ballistik oynalar, egar va chodirlar kabi jahon darajasidagi mahsulotlar ishlab chiqaradigan turk kompaniyasidir. Anqaradagi 100 000 kv. m. maydonda eng soʼnggi global texnologiyalarni tatbiq etgan YDS yiliga 6 million juft maxsus poyabzal ishlab chiqarish bilan oʼz sektorida yetakchi hisoblanadi. Turkiyaning 500 ta eng yirik kompaniyasidan biri boʼlgan YDS, oʼz sektoridagi bu roʼyxatga kiritilgan yagona kompaniya.

Muloqotda mazkur brend mahsulotlarini Oʼzbekistonga jalb etish, kompaniya mahsulotlarini belgilangan tartib va talablar asosida mamlakatimizda ishlab chiqarish yuzasidan muzokara olib borildi. Bundan tashqari, uchrashuvlar davomida Oʼzbekistonda Turkiya ishbilarmonlari bilan hamkorlikda charm-poyabzal va moʼynachilik sanoati yoʼnalishida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish maqsadida Gerede charmsanoati uyushmasi rahbari Ersin Kashka bilan muzokaralar olib borildi.

Muloqotda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyish, turk investorlarini mamlakatimizga yanda keng jalb etish, qoʼshma loyihalarni amalga oshirish boʼyicha fikr almashildi. 

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi davom etmoqda.