Budapeshtda Vengriya va boshqa Yevropa davlatlaridan O‘zbekistonga sarmoya jalb etish masalalari muhokama qilindi

Sammitlarda erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Elchisi Abat Fayzullaev Vengriya OTR banki bosh direktori o‘rinbosari, Vengriya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi hamraisi Laslo Vulf bilan uchrashdi, deb xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Laslo Vulf O‘zbekiston “Ipoteka-bank”ining “OTR” banki tomonidan xususiylashtirilishi har ikki tomon uchun ham foydali ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Vengriya bankining O‘zbekistonning bank-moliya sohasiga kirishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro sarmoyaviy va savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bu O‘zbekistonga nafaqat vengriya, balki Yevropaning boshqa yetakchi kompaniyalari – «OTR» Bank mijozlarini ham jalb qilish imkonini beradi.

Maʼlum qilinishicha, Vengriya bankining Oʻzbekistondagi ilk qadamlari sifatida yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish, xususan, bank xizmatlarini raqamlashtirish, shuningdek, yosh avlodga xizmat koʻrsatishga qaratilgan bank mahsulotlari va xizmatlarini joriy etishga eʼtibor qaratish koʻzda tutilgan. 

Ayni paytda OTR Bank O‘zbekiston To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (UzDIF) bilan hamkorlikda yirik qo‘shma fond yaratish loyihasi ustida ishlamoqda. Mazkur loyihaga ikki tomon mablag‘laridan tashqari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va Xalqaro moliya korporatsiyasining (IFC) moliyaviy resurslarini jalb etish ko‘zda tutilgan. Qo‘shma jamg‘arma O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini moliyalashtirish, o‘z faoliyatini kengaytirish istagida bo‘lgan istiqbolli korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, joriy yilda Budapeshtda «OTR» Bankning yirik mijozlari va Yevropaning yetakchi kompaniyalari uchun O‘zbekistonga bag‘ishlangan konferensiya tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bo‘lajak tadbirda O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati namoyish etiladi, shuningdek, «OTR» Bank bilan hamkorlikda respublikaga sarmoya kiritishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilinadi.