Xivada SHHT makonida transport aloqalarini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilinadi

12 may kuni Xiva shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) a’zo bo‘lgan 8 davlat delegatsiyalari avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya transporti sohasida tashkilot doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.

Xalqaro transport sohasidagi hamkorlik bu yil O‘zbekiston raislik qilayotgan SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda SHHT dunyodagi eng tez rivojlanayotgan transmintaqaviy tashkilotlardan biridir. Ishtirokchi davlatlar tarkibi, ushbu tuzilmaning ulkan iqtisodiy, siyosiy, transport va tranzit salohiyati uni XXI asrning eng istiqbolli ko‘p tomonlama birlashmalaridan biriga aylantirdi.

Ta’kidlash kerakki, SHHT ega bo‘lgan ulkan transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish O‘zbekiston Respublikasining ushbu tashkilotdagi asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston tomoni o‘z raisligi davrida ushbu strategik muhim yo‘lda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga yanada turtki berish vazifalarini qo‘ydi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik strategiyasining loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida transport aloqasi sohasidagi hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlashiga shubha yo‘q.