Londonda O’zbekiston elektrotexnika sanoatining investitsiya va savdo imkoniyatlari namoyish etildi

O’zbekistonning Londondagi elchixonasi «O’zeltexsanoat» uyushmasi bilan birgalikda» O’zbekiston elektrotexnika sanoatida Britaniya biznesi uchun savdo va investitsiya imkoniyatlari «mavzusida davra suhbati tashkil etdi, deb xabar beradi «Dunyo»axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda Britaniya kompaniyalari, ixtisoslashgan uyushmalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi O’zbekistonning 2022-2026-yillarga mo’ljallangan rivojlanish strategiyasining ustuvor yo’nalishlari, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti chog’ida ilgari surilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.

«O’zeltexsanoat» uyushmasi vakillari, shuningdek, iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblangan va 2 mingga yaqin mahsulot ishlab chiqaradigan 400 dan ortiq korxonaga ega bo’lgan elektrotexnika sohasining keng qamrovli onlayn taqdimotini o’tkazdilar.

Kabel mahsulotlari, maishiy texnika, quvvat uskunalari va boshqa elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo’yicha yuqori texnologiyali qo’shma quvvatlarni yaratish bo’yicha investitsiya loyihalari taqdim etildi. «Ohangaron Tech Industrial» texnoparki va Sirdaryo viloyatidagi elektrotexnika sanoati uchun mo’ljallangan erkin iqtisodiy zona doirasida mis mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish uchun yangi imkoniyatlardan foydalangan holda Britaniya kompaniyalari bilan hamkorlik qilish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Ishtirokchilar O’zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari, birinchi navbatda quyosh va shamol energiyasi sohasida yaratilgan imkoniyatlarga qiziqish bildirishdi. Shuningdek, «Developing Countries Trading Scheme» maxsus preferensiyalar tizimi kontekstida elektrotexnika mahsulotlarini Britaniya bozoriga eksport qilish salohiyati qayd etildi, unga ko’ra o’zbek kelib chiqishi tovarlari bir qator tariflarni to’liq yoki qisman bekor qilish orqali qo’shimcha foyda oladi.