Poytaxtimizda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o’z ishini boshladi

Ilk marotaba o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investisiya forumiga 1500dan ziyod mehmon taklif qilindi. Forumning ochilishida prezident Shavkat Mirziyoev nutq so‘zlab, investorlarga shaxsan kafolat berishini ta’kidladi. Kun davomida, shuningdek, O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi eng yirik IESlardan biri qurilishiga start berildi.
24-mart kuni birinchi Toshkent xalqaro investisiya forumiga start berildi. Kunning birinchi yarmida forumni Prezident Shavkat Mirziyoev ochib berdi.

“Bunday keng ko‘lamli forumni O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazyapmiz. Nima uchun bu tadbirda shaxsan qatnashyapman? Men prezident sifatida sizlarga kafolat beraman!

Bu yerda O‘zbekiston prezidenti jamoasi yig‘ilgan, hukumat vakillari, vazirlar, hokimlar kelishgan. Maqsadimiz – sizlarga barcha sharoitni yaratib berish. O‘zaro muloqot qilib, ko‘p narsani o‘zgartirib, qonunlarni mustahkamlab, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashib, sizlar bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz.

Albatta, kamchiliklarimiz ko‘p. Lekin biz investision muhitni yaxshilash uchun harakat qilmoqdamiz”, – dedi prezident forum ishtirokchilariga qarata.

Davlat rahbari o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda yarim milliondan ortiq oila muhtojlar toifasidan chiqarilganini ma’lum qildi. Shavkat Mirziyoevga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekiston aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar ro‘yxatiga kirishi mumkin.

Kun davomida, shuningdek, Shavkat Mirziyoev va yevropalik hamkorlar Surxondaryodagi birinchi IES qurilishiga start berdi. 1,2 mlrd dollarlik loyiha natijasida 1 560 megavatt quvvatli elektrstansiya quriladi va unda 12 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi – bu so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilgan elektrstansiyalar ichida eng yirigi bo‘ladi.

Sessiyalarda turli iqtisodiy mavzular, xususan Markaziy Osiyoda savdo oqimi transformasiyasi, transport tizimi raqamlashuvi, turizmga investisiyalarni jalb qilish imkoniyatlari, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, yashil energiya istiqbollari, savdoni erkinlashtirish va iqtisodiy integratsiya, O‘zbekistonning mintaqaviy sanoat markazi sifatidagi salohiyati, kambag‘allikni qisqartirish va sanoat kabi mavzular muhokama qilindi.

Forumda so‘zga chiqqan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso O‘zbekistonda barqaror ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy rivojlanishda kichik va o‘rta biznesning ahamiyati haqida fikr bildirib, shaffof transformasiya orqali mamlakatga yaxshiroq investorlarni jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.

Odil Reno-Basso, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masasuga Asakava, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Saudiya Arabistoni investisiyalar vaziri Xolid al-Falih va BAA energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy prezident Shavkat Mirziyoev qabulida bo‘ldi.

Forum 26-martga qadar davom etadi.