Poytaxtda dunyoga mashhur Acibadem klinikasi ochiladi

Joriy yilning 25-26-dekabr kunlari Sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligidagi soha mas’ul xodimlari hukumat delegatsiyasi tarkibida amaliy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Tashrif doirasida vazirlik vakillari ACIBADEM Healthcare Group prezidenti Mehmet Ali Aydinlar bilan uchrashdi.

Ushbu nufuzli tibbiyot muassasasi o’nlab klinikalar va markazlarni o’z ichiga olgan keng tarmoqqa ega xalqaro brenddir.

Xususan, sog‘liqni saqlashning ko‘plab yo‘nalishlari, jumladan, onkologiya, organ va to‘qimalar transplantatsiyasi, neyroxirurgiya, robotlashtirilgan jarrohlik va sport tibbiyotini o‘zida mujassam etgan mazkur muassasada jami 24 klinika, 16 tibbiyot markazi va turli kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Jahon standartlariga to‘liq javob beradigan ushbu klinikalar o‘zining mukammallik markazlari bilan ajralib turadi. Ularning barchasi milliy va xalqaro akkreditatsiyaga ega, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar va tibbiyotning turli sohalarida katta tajribaga ega mutaxassislar bilan taʼminlangan.

Har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab bemorlar yuqori sifatli va malakali tibbiy yordam olish uchun ushbu klinikalarga keladi.

ACIBADEM Healthcare Group mamlakatdagi va tibbiy ta’lim va tadqiqot sohasida yetakchilardan biri hisoblanadi. Jumladan, uning negizida Acibadem tibbiyot universiteti faoliyat yuritib, talabalarga malakali o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy o‘quv dasturlari asosida saboq beriladi. Universitetda talabalar amaliy ko’nikmalarini rivojlantirishlari mumkin bo’lgan ilg’or simulyatsiya markazlari ham mavjud.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Toshkent shahrida “Acibadem” klinikasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, hamkorlikda kadrlar tayyorlash, ta’lim va mutaxassislar tayyorlash, tibbiy ta’limni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.