Toshkentda Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligining vakolatxonasi ochiladi

O‘zbekiston elchisi Qadambay Sultonov Latviya Investitsiyalar va rivojlanish agentligi (LIRA) bosh direktori Kaspars Rojkalns bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni sezilarli darajada oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Kaspars Rozkalns Latviya biznesining O‘zbekiston bilan istiqbolli hamkorlikka qiziqishi ortib borayotganini taʼkidladi.

Maʼlum qilinishicha, munosabatlar dinamikasi, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik sohalardagi sheriklikka tizimli yondashish talabini inobatga olgan holda, Latviya hukumati Toshkentda LIRA vakolatxonasini ochishga qaror qilgan.

Farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari etib belgilangani maʼlum qilindi.

Suhbat chog‘ida turli darajalarda bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuvlar jadvali va kun tartibi ham muhokama qilindi.

1993 yilda tashkil etilgan LIRA Latviya Iqtisodiyot vazirligining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Tashkilotning maqsadi xalqaro bozorda Latviya kompaniyalarining raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiyalar oqimiga ko‘maklashish, turizmni rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatini va milliy innovatsion strategiyani amalga oshirishdan iborat.

Shuningdek, LIRA mahalliy kompaniyalarga yetishmayotgan malakali ishchi kuchini tashqaridan yollash uchun ruxsatnomalar berish vakolatiga ega. Agentlikning Boston (AQSH), Abu-Dabi (BAA), Kanberra (Avstraliya), Vena (Avstriya), Ottava (Kanada), Kopengagen (Daniya), Parij (Fransiya), Turin (Italiya), Tokio (Yaponiya), Seul (Janubiy Koreya), London (Buyuk Britaniya), Amsterdam (Niderlandiya), Oslo (Norvegiya), Berlin (Germaniya), Stokgolm (Shvetsiya), Xelsinki (Finlyandiya), Tel-Aviv (Isroil) shaharlarida vakolatxonalari  mavjud.

LIRA Latviya hududlarini rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi hisoblangan 15 ta biznes-inkubatorlar ishini  ham boshqaradi.