O‘zbekistonda Janubiy Koreya bilan umumiy qiymati 13 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda

O‘zbekiston va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Pak Chin bugun Seulda bo‘lib o‘tgan qo‘shma biznes-forumda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

“Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan birgalikda biz O‘zbekiston-Janubiy Koreya biznes-forumi ishtirokchilarini – ikki mamlakatning 300 dan ortiq yetakchi kompaniyalari vakillarini qutladik”, — deb yozadi O‘zbekiston TIV rahbari o‘z telegram kanalida. – Ayni paytda O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb 13 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash joiz. So‘nggi 4 yilda mamlakatimizda Janubiy Koreya kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni ikki barobarga oshdi. O’zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun ko’proq imkoniyatlar mavjud. Shu munosabat bilan biz barchani ushbu noyob fursatdan unumli foydalanib, Janubiy Koreyaning ilg‘or ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarini O‘zbekistonning strategik resurslari va inson salohiyati bilan uyg‘unlashtirishga chaqiramiz”.

Ayni paytda Tashkent City shahrida Janubiy Koreya kompaniyasi tomonidan 30 qavatli zamonaviy biznes markazi qurilmoqda.