Janubiy Koreyada O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

 

Forum O‘zbekiston elchixonasi, Koreya-O‘zbekiston ishbilarmonlar uyushmasi va Kvanju shahrining Kvansan-gu tumani ma’muriyati hamkorligida tashkil etildi. Forumda Kichik va o‘rta biznes uyushmasi vakillari, shuningdek, avtomobil sanoati, tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish, quyosh elektr stantsiyalari, qishloq xo’jaligi va suvni tozalash sohalarida faoliyat yurituvchi “Daewoong SNT”, “Howon”, “Ganghwa”, “Hyundai Hi-Tech”, “Daehan food”, “Nanum tech” yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. 

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda keyingi yillarda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning borishi bilan tanishtirildi. Shuningdek, mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, respublikamizning turizm va investitsiyaviy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.

Yigʻilganlar oʻrtasida Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik imkoniyatlari haqida axborot va videomateriallar tarqatildi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, jumladan, iqtisodiyotni liberallashtirish, tashqi savdoni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, bu yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini bildirdi.

Kvansan-gu tumani hokimi Pak Byon Gyu Janubiy Koreyada mamlakatimizning boy madaniyati, tarixi va meʼmoriy yodgorliklariga boʻlgan qiziqish yuqori ekanini taʼkidlab, Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini yuqori baholadi. Viloyat Sirdaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlari bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga tayyorligini ma’lum qildi.

Koreya kichik va o‘rta biznes uyushmasi raisi Choy Bongyu, o‘z navbatida, mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar samarasida janubiy koreyalik ishbilarmonlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada biznes yuritish masalalari bo‘yicha Uyushmaga murojaatlar soni keskin oshgan.

Forum ishtirokchilari mamlakatimizda biznes yuritish, qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Tadbir yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo‘shma biznes-forum va konferensiyalar tashkil etish, shuningdek, Kvanju shahrida O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish, kompaniyalarning o‘quv tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

Qayd etish joizki, Kvanju Koreya Respublikasida oltinchi yirik shahar boʻlib, bu yerda toʻqimachilik va avtomobilsozlik sanoati yaxshi rivojlangan, sholi yetishtiriladi. Shahar rahbariyati sun’iy intellektni rivojlantirish va Kvanjuni ushbu sohadagi yetakchi hududlardan biriga aylantirish bo‘yicha ulkan loyihani amalga oshirishga kirishdi. Xorijiy kompaniyalar va inson resurslarini jalb qilish uchun tegishli infratuzilmani yaratish maqsadida 2029-yilgacha mazkur tarmoqni rivojlantirishga 769 million dollar sarmoya kiritish rejalashtirilgan.