O‘zbekiston elchixonasi Hindistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro investitsiyaviy sammitda ishtirok etdi

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Hindistonning Andxra-Pradesh shtatida bo‘lib o‘tgan xalqaro investitsiyaviy sammit va ko‘rgazmada (Andhra Pradesh Global Investors Summit 2023) ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Forumda O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, istiqbolli investitsiyaviy loyihalar, o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xorijlik tadbirkorlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chaqirildi.

Xorijlik tadbirkorlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida erishilgan yutuqlarni yuqori baholab, mamlakatimiz kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Sammit doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada diplomatik missiya Hindiston kompaniyalarining sanoatning turli sohalarida erishayotgan innovatsion yutuqlari, zamonaviy texnika va texnologiyalari bilan atroflicha tanishdi. Hindistonning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib borildi.