O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasiga ilg‘or yapon texnologiyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchixonasida Yaponiya Oziq-ovqat sanoati uskunalari ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (FOOMA) ijrochi boshqaruvchi direktori Koichi Inoue bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, xususan, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasiga ilg‘or yapon texnologiyalarini jalb etish masalalariga bag‘ishlandi.

FOOMA oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi Yaponiyaning yetakchi kompaniyalarini birlashtiradi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlashda yapon texnologiyalarini joriy etish, yo‘qotishlarni kamaytirish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Koichi Inoue O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va biznes uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar yapon kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar FOOMA a’zosi bo‘lgan kompaniyalar bilan amaliy aloqalarni kengaytirish, oktyabr oyining oxiriga rejalashtirilgan Toshkent viloyati delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida B2B uchrashuvlarini tashkil etish, Yaponiya biznesi uchun O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlariga bag‘ishlangan onlayn seminar o‘tkazish, shuningdek, zamonaviy yapon uskunalarini jalb etish uchun moliyaviy mexanizmlarni yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.