17–21-avgust kunlari Serbiyada sublimatsiya qilingan mevalar va quritilgan olxo‘ri ishlab chiqarishga ixtisoslashgan O‘zbekiston kichik va o‘rta biznes vakillarining ishchi tashrifi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati. Tashrif Xalqaro savdo markazi (ITC) tomonidan Trade Promotion East dasturi doirasida, ISVV ko‘magida tashkil etilgan.
Dastur Belgradda Serbiya Savdo-sanoat palatasidagi uchrashuv bilan boshlandi. Kelgusi kunlarda o‘zbekistonlik tadbirkorlar mamlakatning yetakchi korxonalari va ilmiy tashkilotlariga tashrif buyurib, mevalarni sublimatsion quritish va qayta ishlash texnologiyalari, hosildan keyingi ishlov berish, sifat nazorati tizimlari, qadoqlash va brending yechimlari bilan tanishadilar.
Ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot maydonlarida ishtirokchilar eksport yetkazib berish jarayonlarini tashkil etish, oziq-ovqat xavfsizligining zamonaviy talablari hamda mahsulotlarning qo‘shilgan qiymatini oshirishga qaratilgan yechimlarni o‘rganadilar.
Tashrifning amaliy davomi sifatida importyorlar va distribyutorlar bilan B2B uchrashuvlar o‘tkaziladi: 22-avgust kuni Zagrebda va 24-avgust kuni Lyublyanada. O‘zbekiston kompaniyalari o‘z mahsulotlarini taqdim etib, yevropalik xaridorlarning talablarini muhokama qiladi hamda yangi xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.





+998 78 150-150-6
info@sverenins.uz