Misr kompaniyasi O‘zbekiston qurilish sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

O‘zbekiston Elchixonasi diplomatlari Misrning yetakchi qurilish va injiniring kompaniyalaridan biri – Friends for Engineering & Contracting kompaniyasining tijorat direktori Muhammad Sultan va biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Vael Abu Bakr bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida kompaniya vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shuningdek, mamlakatda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhitni yuqori baholadilar. Ular O‘zbekiston bozoriga kirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni amalga oshirish hamda ilg‘or injiniring va qurilish yechimlarini joriy etishga katta qiziqish bildirayotganliklarini ta’kidladilar.

Tomonlar O‘zbekiston hududida zamonaviy mehmonxonalar, turar joy majmualari va infratuzilma obyektlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Kompaniya vakillari o‘zaro manfaatli loyiha mexanizmini taklif etib, unga ko‘ra O‘zbekiston tomoni tegishli yer uchastkasini taqdim etadi, Friends kompaniyasi esa loyihalash va qurilishning to‘liq siklini o‘z zimmasiga oladi hamda loyihani o‘z investitsiya mablag‘lari hisobidan moliyalashtiradi.

Uchrashuv yakunida kompaniya vakillari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, viloyatlar va shaharlar hokimliklari vakillari bilan taklif etilayotgan loyihalarni batafsil muhokama qilish va aniq investitsiyaviy takliflarni tayyorlash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar hamda onlayn uchrashuvlarni tashkil etishga qiziqish bildirdilar.