O‘zbekiston tadbirkorlari Rossiyaning Tatariston, Boshqirdiston va Samara viloyati kompaniyalari bilan yangi bitimlarni imzoladi

O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va ishbilarmon doiralar uyushmasi vakillari Tatariston, Boshqirdiston va Samara viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Tashrif doirasida Rossiyaning mazkur hududlarida 100 dan ortiq o‘zbekistonlik korxonalar va qariyb 200 ta Rossiya kompaniyasi ishtirokida biznes-forumlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda tadbirkorlar ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, mahsulotlarni mahalliylashtirish, eksportni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Ishtirokchilar uchun, shuningdek, o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmalari va B2B formatidagi ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Uchrashuvlar yakunida o‘zbekistonlik kompaniyalar Rossiyadagi hamkorlari bilan eksport shartnomalarini imzoladilar, shuningdek, savdo uylarini ochish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Rossiyaning hududiy savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. Ushbu hujjatlar savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zbek mahsulotlarining Rossiya bozoriga eksport imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.