Litsenziya olmasdan, 3 oy davomida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratilmoqda

Qonun (O‘RQ–1164-son, 13.08.2026-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar qilmoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qonun bilan kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, maxfiy hujjatlar 30 yil mobaynida saqlanishi belgilandi.

Shuningdek, shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlarni saqlash muddatlari belgilandi. Unga ko‘ra:

  • 2019-yil 1-yanvargacha ish yurituvi yakunlangan shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar idoraviy arxivlarda 75 yil mobaynida saqlanadi.
  • 2019-yil 1-yanvardan e’tiboran shakllantirilgan shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar idoraviy arxivlarda 50 yil mobaynida saqlanadi.

Shu bilan birga, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi doirasida olishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilandi.

Rejim doirasida talabgor faoliyatini maxsus elektron tizim yoki YIDXP orqali vakolatli organga bepul xabar bergan holda, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olmasdan amalga oshirishi mumkin.

Rejimning amal qilish muddati 3 oy bo‘lib, ushbu muddat davomida talabgor muayyan faoliyatni (harakatni) litsenziyasiz yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz amalga oshirganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi.

Talabgor “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimining amal qilish muddati davomida:

  • o‘z faoliyatini litsenziya yoki ruxsat berish talablariga va shartlariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘radi;
  • tegishli litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni belgilangan tartibda oladi yoxud mazkur faoliyatni (harakatlarni) tugatadi.