Franklin Templeton O‘zbekistonga investitsiya kiritish niyatida

Joriy yilning 28-mart kuni O’zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Franklin Templeton kompaniyasining investitsiyalar bo‘yicha bosh direktori Manraj Sehon bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Singapurga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, davlat korxonalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning yangi mexanizmlarini joriy etish masalasi suhbat ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shu tariqa, joriy yilning aprel oyi oxirigacha Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, shuningdek, kompaniyaning Toshkent shahrida vakolatxonasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat korxonalarini transformatsiyalash va tarkibiy o‘zgartirish jarayonlari samaradorligini ta’minlash maqsadida Singapur kompaniyasi O‘zbekistonga yuqori malakali mutaxassislarni yuboradi.

Tomonlar yaqin oylarda Jamg‘arma aktsiyalarini “Toshkent” Respublika fond birjasiga joylashtirishga kelishib oldilar. Ushbu bosqich AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlarning yirik investorlarini jalb qilish, shuningdek, keng jamoatchilikni fond bozoriga sarmoya kiritishga jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishda birinchi bosqich bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli “Yo‘l xaritasi” kelishib olindi va erishilgan kelishuvlar va vazifalari loyihalarni hayotga tatbiq etishdan iborat ishchi guruh tuzish bo‘yicha yakdil qarorga kelindi.