Xitoylik investorlar O‘zbekistonda kichik GESlar uchun uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

O‘zbekistonning Shanxaydagi bosh konsuli Aziz Ma’sutov “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd” kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Chen Chen bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

Xitoy tomoniga O‘zbekistondagi investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti taqdimoti, xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, respublika hududida faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Sharqiy Xitoy mintaqasi o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, respublikaga xorijiy sarmoya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xitoy kompaniyasi vakili Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yuksak baholadi. Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni oshirish orqali O‘zbekistondagi uzoq muddatli ishtirokini kengaytirish istiqbollariga ishonchi komil ekani ta’kidlandi.

Dastlabki ishlar yakunlariga ko‘ra, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini yanada chuqurlashtirish va 200 nafargacha kishini ish bilan ta’minlagan holda gidroturbinalar, generatorlar va kichik gidroelektr stansiyalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar uchun, Xitoy tomoni kompaniya raisi boshchiligidagi delegatsiyani 2023-yil 17-24-fevral kunlari O‘zbekistonga jo‘natish to‘g‘risida qaror qabul qildi.