Transport vaziri Xitoyning “CITIC construction” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi

27-mart kuni Transport vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining “CITIC Construction” kompaniyasi bilan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish yo‘nalishidagi loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Kompaniya Pungan-Namangan, Toshkent-Chinoz avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilishda, yangi pullik yo‘llar qurishda, shuningdek, mamlakatimiz transport infratuzilmasini yaxshilashda ishtirok etish istagini bildirdi.

Transport vaziri o‘z navbatida ushbu yo‘llar xalqaro standartlarga javob beradigan, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda qisqa vaqtda qurilishi hamda qurilish tannarxini arzonlashtirishga alohida e’tibor qaratilishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Xorij kompaniyasi loyihalarni o‘rganish ishlarini olib borayotgani, yaqin kunlarda barcha talablarga javob beradigan loyiha takliflarini taqdim etishini ma’lum qildi.