O’zbekiston-Bangladesh: ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning yangi istiqbollari

Dakka shahrida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Shayx Xasina Vazed bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Uchrashuv davomida o’zbek – bangladesh hamkorligining hozirgi holati va uni keng ko’lamli yo’nalishlar bo’yicha faollashtirishning istiqbollari ko’rib chiqildi. Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari tomonidan uzoq muddatli va o’zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga ustuvorlik berilayotganligini ta’kidladilar.

Xususan, o’zaro savdo hajmini ko’paytirish, sanoat kooperatsiyasini yo’lga qo’yish va mushtarak manfaatlar doirasidagi istiqbolli tarmoqlarda yirik yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish bo’yicha birgalikda bajariladigan ishlar muhokama qilindi.

Transport va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi. «Toshkent – Dakka – Toshkent» yo’nalishi bo’yicha to’g’ridan-to’g’ri havo qatnovini tiklash istiqbollari qayd etildi. Tomonlarning fikriga ko’ra, bu o’zaro yo’lovchilar tashish hajmini oshishiga hamda madaniy va turistik almashinuv imkoniyatlarining kengayishiga olib keladi. Shuningdek, joriy yilda O’zbekiston va Bangladesh o’rtasida diplomatik aloqalar o’rnatilganligining 30 yilligiga bag’ishlangan bir qator madaniy tadbirlar o’tkazishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo’yicha yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini kelishib oldilar hamda belgilangan vazifalarni hal etishda faol hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.