Xanoyda ilk O‘zbekiston-Vetnam biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 18-20-mart kunlari O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri B.Saidov boshchiligidagi O’zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Vetnam poytaxti Xanoy shahrida bo’ldi, deb xabar beradi SSP matbuot xizmati.

Tashrif doirasida 19-mart kuni ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida O’zbekiston-Vetnam biznes forumi hamda B2B formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari hamda 100 dan ortiq yirik vetnam va o‘zbek kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Tadbirda O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o’rinbosari Dilshod Rasulov o’z nutqi bilan ishtirok etdi.

Forum doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish choralari muhokama qilindi.

Tadbir yakunlari bo’yicha, ikki davlat ishbilarmon doira vakillari o’rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi.

Xususan, O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Vetnam Savdo-sanoat palatasi o’rtasida Vietnamning Xoshimin shahrida O’zbekiston-Vietnam qo’shma savdo uyini ochish bo’yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.