Minskda O‘zbekiston-Belarus mintaqalararo hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nazarov Minsk shahar ijroiya qo‘mitasi raisi Vladimir Kuxarev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Vladimir Kuxarev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2024-yil 7-fevraldagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi arafasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Belarus mintaqalararo forumi yakunlarini yuqori baholadi. 2024-2025-yillarda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ning imzolanishi yaqin kelajakda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Belarus tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirish va tashqi savdo hajmini oshirish masalalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Vladimir Kuxarev taʼlim, sogʻliqni saqlash va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini taʼkidladi. Minsk shahar ijroiya qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston madaniyat sohasi vakillarini yozgi musiqa va sayyohlik mavsumi doirasida Minsk shahriga tashrif buyurib, milliy madaniy anʼanalarni namoyish etishga taklif qildi. Shuningdek, u O‘zbekistonlik sportchilarni Belarus poytaxtida bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda ishtirok etishga taklif qildi.